Bugun 1 aprel, 2025 yil, seshanba

КИР

Sakkiz yilda dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi qariyb 2 barobar kamaydi

Sakkiz yilda dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi qariyb 2 barobar kamaydi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, 2023 yili dunyo bo‘yicha besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2015 yilga nisbatan 42 foizga, o‘lik tug‘ilish holatlari esa 53 foizga kamaygan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, yuqorida qayd etilgan besh yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning deyarli yarmi hayotining birinchi oyida vafot etgan. Bunga, asosan, erta tug‘ilish va tug‘ruq chog‘idagi asoratlar sabab bo‘lgan.

Nisbatan katta yoshli bolalar o‘limi esa ko‘proq yuqumli kasalliklar, jumladan, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya, bezgak va diareya tufayli kelib chiqqan.

Bundan tashqari, o‘lik tug‘ilish holatlarining 45 foizi tug‘ruq paytida sodir bo‘lgan. Ona organizmidagi infeksiyalar, tug‘ruqning og‘ir kechishi yoki o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi asosiy omillar sirasidan.

Shunga qaramay, o‘tgan 8 yil ichida sayyoramizda bolalar o‘limi ilk bor rekord darajada qisqarishi tarixiy natijadir.

Emlash dasturlari, to‘g‘ri ovqatlanish, dori-darmon, toza ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya sharoitlari yaxshilanishi bunda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ammo, ekspertlar fikricha, erishilgan ko‘rsatkichlar hali yetarli emas. Bu sohada sa’y-harakatlarni jadallashtirish orqali yana millionlab bolalar o‘limining oldini olish imkoniyati mavjud.

Hisobotda qayd etilganidek, bolaning omon qolish ehtimoli ko‘p jihatdan uning tug‘ilgan joyiga bog‘liq. Masalan, kichik yoshli o‘g‘il-qizlarning nobud bo‘lishi o‘lim darajasi eng baland davlatda bu ko‘rsatkich eng past mamlakatga qaraganda 80 baravar yuqori.

“Bunday tafovutlarni kamaytirish nafaqat ma’naviy majburiyat, balki butun dunyoda barqaror rivojlanish va tenglik yo‘lidagi muhim qadamdir“ — deyiladi hisobotda.

Kiritildi: 16:03 28.03.2025. O'qildi: 826 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!