Bugun 24 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi

Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administrasiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etildi.

Administrasiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi.

Saida Shavkatovna shu kunlarda tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.

Xususan, Prezident Administrasiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi ob’ektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Ushbu chora-tadbirlar yaqin orada davlatimiz rahbariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 22:14. O'qildi: 234 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!