Qatar poytaxti Doha shahrida 20 noyabr kuni mintaqadagi eng yorqin madaniy tadbirlardan biri - Doha Film Festival kinofestivali boshlandi. Bu yil festival dasturi ishtirokchi mamlakatlarning xilma-xilligi va soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi.
Prezident Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tadbirda ishtirok etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Dohadagi kino festivali mustaqil va mualliflik kinosining eng muhim maydonlaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos qarashlar va dadil badiiy pozisiyaga ega bo‘lgan rejissyorlarga o‘z fikrlarini bildirish imkonini beradi. Festival dasturidan o‘nlab mamlakatlardan filmlar o‘rin olgan; yosh mualliflar va mahalliy kinoijodkorlarga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ular uchun maxsus bo‘limlar va tanlov dasturlari tashkil etilgan. Kecha Qatar poytaxtining diqqatga sazovor madaniy maskanlarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu festivalga tashrif buyurdim. Zamonaviy kino - dolzarb kayfiyat va ma’nolarni aks ettirish, ayni paytda jamiyatimizni qanday mavzular tashvishga solayotganini tushunish usulidir», deb yozdi u.
Festivalda 62 mamlakatdan 97 ta film, jumladan, badiiy filmlar, hujjatli filmlar va qisqa metrajli asarlar namoyish etilmoqda. Dasturda o‘zlikni anglash, mojarolar, gumanitar tarixlar va ijtimoiy o‘zgarishlar mavzulariga alohida e’tibor qaratilgan.
Kino namoyishlaridan tashqari, festival Qatar kino sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan sanoat tadbirlari, munozaralar va taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. Umuman olganda, festivalning mukofot va grantlari miqdori 300 ming dollardan oshadi. Tomoshabinlar uchun bu jahon va mintaqaviy premyeralarni ko‘rish, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika kinosi bilan tanishish va xalqaro madaniy tadbirning bir qismi bo‘lish imkoniyatidir.