Bugun 11 yanvar, 2026 yil, yakshanba

КИР

Xitoy, Rossiya va Eron Janubiy Afrikada harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini boshladi

Xitoy, Rossiya va Eron Janubiy Afrikada harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini boshladi

AQShning Venesuelaga aralashuvi va ushbu mamlakat neftini tashiydigan tankerlarni qo‘lga olish harakatlari fonida yuzaga kelgan keskin geosiyosiy vaziyatda Xitoy, Rossiya va Eron harbiy kemalari Janubiy Afrikaning Keyptaun qirg‘oqlarida bir haftalik dengiz mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Xitoy boshchiligidagi ushbu mashg‘ulotlar 2025-yilda BRICS bloki doirasida tashkil etilgan bo‘lib, Janubiy Afrika qurolli kuchlarining bayonotiga ko‘ra, undan ko‘zlangan maqsad dengiz xavfsizligini ta’minlash, qaroqchilikka qarshi kurash choralarini mashq qilish va o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishdan iborat.

Xitoy, Rossiya va Janubiy Afrika BRICSning ko‘p yillik a’zolari hisoblanadi, Eron esa guruhga 2024 yilda kelib qo‘shilgan. Eron harbiy-dengiz kuchlarining ushbu mashg‘ulotlardagi ishtiroki mamlakat ichida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari davom etayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Hozircha BRICS’ning boshqa a’zolari (Braziliya, Hindiston va BAA kabi) mashg‘ulotlarda qatnashishi yoki qatnashmasligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Janubiy Afrika qurolli kuchlari vakili kelasi jumagacha davom etadigan mashqlarda ishtirok etuvchi barcha davlatlar ro‘yxatini hali tasdiqlay olmasligini bildirdi.

Xitoy, Rossiya va Eron kemalari Keyptaundan janubda, Hind va Atlantika okeanlari tutashgan Simontaun harbiy-dengiz bazasi hududida harakatlanayotgani kuzatilgan. Xitoy mashg‘ulotlarga uzunligi 161 metr bo‘lgan Tangshan esminesini, Rossiyaning Boltiq floti esa “Stoykiy” kichik harbiy kemasi va yonilg‘i quyuvchi tankerni yuborgan.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika 2023-yilda ham Xitoy va Rossiya kemalarini qabul qilgan edi. Navbatdagi mashg‘ulotlar noyabr oyi oxirida o‘tkazilishi kerak edi, biroq Janubiy Afrika G20 sammiti doirasida G‘arb va boshqa dunyo yetakchilarini qabul qilgani sababli diplomatik mulohazalarga ko‘ra kechiktirilgan edi.

Ushbu mashg‘ulotlar AQSh va Janubiy Afrika o‘rtasidagi aloqalarni yanada yomonlashtirishi kutilmoqda. Afrika qit’asining yetakchi iqtisodiyoti hisoblangan Janubiy Afrika Tramp ma’muriyati tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

Janubiy Afrika hukumati qo‘shilmaslik va neytrallik siyosatiga amal qilishini ta’kidlasa-da, Rossiyaning mintaqadagi harbiy ishtiroki Vashington bilan munosabatlarga putur yetkazmoqda. 2023-yilda Bayden ma’muriyati Janubiy Afrikani sanksiyaga tushgan Rossiya kemasiga qurol yuklab berishda ayblagan, biroq Pretoriya buni inkor etgan edi.

Mamlakat ichida ham hukumatning Rossiya va Eron kemalarini qabul qilish qarori tanqidga uchramoqda. Koalision hukumatdagi ikkinchi yirik partiya — “Demokratik alyans” og‘ir sanksiyalar ostidagi davlatlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishiga qarshi chiqdi.

“Ushbu mashg‘ulotlarni ‘BRICS hamkorligi’ deb atash — bu siyosiy hiyla. Aslida hukumat Rossiya va Eron kabi ‘qonunbuzar’ va sanksiyaga tushgan davlatlar bilan harbiy aloqalarni tanlamoqda”, deyiladi partiya bayonotida.

Kiritildi: 23:51 10.01.2026. O'qildi: 933 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!