The Telegraph nashri manbalariga ko‘ra, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi bitim 19–23 yanvar kunlari Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida imzolanishi taxmin qilinmoqda. Ushbu kelishuvga muvofiq, o‘n yil davomida 800 milliard dollar mablag‘ Ukrainani qayta tiklash va uning iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu kelishuv mamlakatda iqtisodiy tiklanishni ta’minlashi, ish o‘rinlarini yaratishi va Ukrainaga farovon hayotni qaytarishini aytmoqda.
Qayd etilishicha, hujjat xususiy kompaniyalar tomonidan kreditlar, grantlar ajratilishi va investisiya imkoniyatlariga yo‘l ochib beradi. AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, dasturga dunyodagi eng yirik investisiya guruhi Black Rock ham qo‘shiladi. Kelishuvning boshqa tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.
"Zelenskiy Ukrainani tiklash bo‘yicha choralar paketi doirasida AQSh bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv ham muhokama qilinayotganini bildirdi. Uning aytishicha, tashabbus, xususan, Qo‘shma Shtatlar bilan savdoda nol foizlik boj stavkalarini joriy etishni ko‘zda tutadi", deya yozmoqda The Telegraph.