Prezident Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi qator muhim ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. Ta’kidlanishicha, yangi istirohat bog‘larini barpo etish hamda atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish poytaxt kelajagi uchun eng ustuvor vazifalardan biridir.
Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘da barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoit yaratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Asosiy vazifamiz — poytaxtimizga “yashil shahar” maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratishdir. Qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish lozim”, - deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Ta’kidlanishicha, shahar aholisining turmush darajasini yaxshilash yo‘lida bu masalalarni hal etishga zudlik bilan kirishiladi.