Prezident Sadir Japarov Alamudun tumani aholisi bilan uchrashuv chog‘ida Qirg‘izistondagi maktablar besh yil ichida qog‘oz darsliklardan planshetlarga o‘tishni boshlashini ma’lum qildi.
Uchrashuvda ishtirok etganlardan biri darsliklarning og‘irligi masalasini ko‘tarib, og‘ir ryukzaklar bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u maktab o‘quv dasturi bilan bog‘liq muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ta’lim vaziri yangi darsliklar yangilangani, zamonaviy mazmunga ega ekanligini hamda tajribali pedagoglar ishtirokida ekspertizadan o‘tkazilganini qayd etdi. Ularning og‘irligi va sifati davlat standartlariga muvofiq nazorat qilinadi, ba’zi kitoblar esa ikkita alohida jildga ajratilgan.
Sadir Japarov mamlakat ta’lim tizimida so‘nggi ikki yildan beri islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi. U maktab darsliklarini nashr etish uchun qo‘shimcha 8,5 milliard som ajratilganini eslatib o‘tdi, deb xabar berdi ru.sputnik.kg.
“Barcha o‘quvchilar darsliklarni bepul olishlari kerak, shunda ota-onalar, avvalgidek, ularni o‘z hisoblaridan sotib olishga majbur bo‘lishmaydi. Davlat kelgusi besh-olti yil ichida o‘quvchilarni qog‘oz kitoblar o‘rnini bosuvchi planshetlar bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda”, — dedi Prezident.