Ro‘za buzilgan har qanday holatda qazosini tutish vojib bo‘ladi, lekin quyidagi holatlarda qazo bilan birga kafforat ham vojib bo‘ladi:
– ro‘zani suratan buzish (tomoqdan biror narsa o‘tishi, ikki yo‘ldan biriga jimo’ qilish). Tomoqdan boshqa yo‘ldan, masalan, burun, quloq, ayolning oldi, erkagu ayolning orqasidan dori yoki shu kabi narsa kirsa, faqat qazo lozim bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
Shuningdek, old-orqadan boshqa joyga jimo’ qilinib, maniy to‘kilsa ham qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi. Agar maniy to‘kilmasa, qazo ham lozim bo‘lmaydi.
– ro‘zani ma’nan buzish (badanga manfaat beradigan, ozuqa yoki davo bo‘ladigan, lazzat hosil qiladigan, inson ta’bi yeyishga moyil bo‘ladigan narsalarning tomoqdan o‘tishi). Ozuqa yoki davo bo‘lmagan, inson ta’bi yeyishga moyil bo‘lmaydigan (tosh, kesak, tish kovagidagi kabi) narsalar tomoqdan o‘tsa, qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi. Zero, bu holatlar yeyish bo‘lsa ham, ozuqa yeyish hisoblanmaydi (doimo kesak yeb yuradiganlar bundan mustasno);
– ro‘zani qasdan buzish (adashib emas). Tahorat yoki g‘usl qilayotganda beixtiyor tomoqdan suv o‘tib ketsa, qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi. Ro‘zadorligini unutib, yeb-ichib qo‘ysa, yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilarini yutib yuborsa qazo ham, kafforat ham vojib bo‘lmaydi.
– ro‘zani o‘z ixtiyori bilan buzish (majburlanish bundan mustasno). Birovning majburlashi tufayli ro‘za ochilsa, qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi;
– ro‘zani zaruratsiz buzish (zarurat yuzasidan buzish bundan mustasno). Ro‘zani ochishga qattiq tashnalik, ochlik, bemorlik kabi zarurat paydo bo‘lsa, qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi;
– ro‘za buzilgandan keyin ro‘zani ochishni muboh qiladigan holat bo‘lmasligi. Masalan, ro‘zani qasddan ochgandan keyin hayz va nifos kelib qolishi, qattiq tashnalik, ochlik, og‘ir kasallik kabi halok qiladigan yoki biror a’zoga talafot yetkizadigan darajada holat yuzaga kelib, ro‘zani ochib yuborilsa qazo lozim bo‘lib, kafforat soqit bo‘ladi.
– ro‘zani musofir yo bemor bo‘lmay turib buzish. Agar musofir yo bemor bo‘laturib ro‘za tutsa-yu, keyin ro‘zasini ochib yuborsa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
– Ramazon ro‘zasini ado qilayotganda ro‘zani ochib yuborish. Bundan boshqa ro‘zalar buzilsa, shuningdek, Ramazonning qazo ro‘zasi buzilsa ham kafforat vojib bo‘lmaydi.
– cubhi sodiqdan avval niyat qilingan ro‘zani buzish. Subhi sodiqdan keyin niyat qilib, keyin ro‘zasini ochib yuborsa, kafforat vojib bo‘lmaydi.
– biror shubha tufayli ro‘zani ochish. Agar quyosh botdi deb o‘ylab, iftorlik qilgan bo‘lsa, subhi sodiq kirmadi, deb yeb-ichgan bo‘lsa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
Manba: islom.uz