AQSh prezidenti Donald Tramp, Qrim Rossiya-Ukraina urushi tugagandan keyin ham Rossiya nazoratida qoladi, deb hisoblaydi.
"Qrim haqida gapirish majburiyatidamiz, chunki u doimo tilga olinadi. Qrim Rossiya tarkibida qoladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, boshqalar ham buni tushunadi, Qrim uzoq vaqtdan beri Rossiya bilan birga ekanligini bilishadi," - dedi AQSh prezidenti Time jurnali bilan suhbatda.
Tramp Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan tinchlik kelishuviga erishish mumkinligiga hamon ishonishini ta’kidladi.
Amerika rahbari Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish niyati haqida gapirar ekan, buning hech qachon amalga oshmasligi ehtimolini bildirdi.
"Menimcha, ukrainaliklar NATOga qo‘shilish haqida gapira boshlagani urushning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Agar ular bu mavzuni ko‘tarmaganida, urush boshlanmasligi ehtimoli ancha yuqori bo‘lardi," - dedi Tramp.