Rubl kursi bilan bog‘liq vaziyat «umuman» nazorat ostida, dedi Vladimir Putin Qozog‘istonga tashrifi yakunlari bo‘yicha Ostonadagi matbuot anjumanida.
«Va, albatta, vahima qilish uchun hech qanday sabab yo‘q. Ha, mamlakatimiz va qo‘shni davlatlardagi jarayonlar oson kechmayapti, lekin ular nazorat ostida, hammasi reja bo‘yicha ketmoqda», — dedi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, rubl kursining o‘zgarishi ko‘plab omillar, jumladan, budjetga to‘lovlar va neft narxi bilan bog‘liq. Uning qo‘shimcha qilishicha, asosiy stavkani oshirmasdan inflyasiyaga qarshi kurashish vositalari mavjud, ammo yakuniy qarorlar Markaziy bankda qoladi.
25 noyabrda rubl tez tusha boshladi: 27 noyabr, chorshanba kuni birjadan tashqari Forex valyuta bozorida uning dollarga nisbatan kursi 115 rublga yaqinlashdi, yevro 120 rubl darajasidan oshib ketdi. 28 noyabr kuni Markaziy bank valyuta kursini 108 rubl qilib belgiladi. Rubl kursi oxirgi marta 2022 yilning mart oyida bunday darajada bo‘lgan edi.