Bugun 17 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

BMW xodimlarni ishdan bo‘shatish uchun yuz minglab yevro to‘lashga tayyor: kompensasiyalar uchun ulkan mablag‘ ajratilmoqda

BMW xodimlarni ishdan bo‘shatish uchun yuz minglab yevro to‘lashga tayyor: kompensasiyalar uchun ulkan mablag‘ ajratilmoqda

Germaniyaning BMW avtomobil konserni butun dunyo bo‘ylab 8 mingtagacha ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Qisqartirishlarning asosiy qismi Germaniyada amalga oshirilishi kutilmoqda. Buning uchun kompaniya xodimlarga katta miqdorda kompensasiya to‘lashni nazarda tutuvchi ixtiyoriy ishdan bo‘shash dasturini ishga tushirdi.

BILD nashri ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilda kompensasiya to‘lovlari uchun 1 milliard yevro ajratish rejalashtirilgan. 2027 yilda esa bu xarajatlar yanada oshishi mumkin.

To‘lov miqdori xodimning maoshi, yoshi va kompaniyadagi ish stajiga bog‘liq. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori maosh oladigan, katta tajribaga ega ayrim xodimlar kompaniyada ishlagan har bir yili uchun taxminan 50 ming yevrodan kompensasiya olishi mumkin. Masalan, 12 yillik ish stajiga ega xodim 600 ming yevro olishi ehtimoldan xoli emas. Handelsblatt nashrida esa 650 ming yevrodan ortiq to‘lovlar haqida ham ma’lumot berilgan.

Dasturga qiziqish shu qadar yuqori bo‘lganki, BMW'ning ichki elektron portali vaqtincha yuklamani ko‘tara olmay qolgan. Kompaniya avval kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish uchun yangi murojaatlarni qabul qilishni to‘xtatgan. Konsern vakili xodimlar orasida dasturga qiziqish katta ekanini tasdiqlagan, biroq kompensasiyalarning aniq miqdorini oshkor qilmagan.

Dastlabki katta xarajatlarga qaramay, kompaniya rahbariyati dastur kelgusida o‘zini oqlashini kutmoqda. BMW 2028 yildan boshlab har yili taxminan 1 milliard yevro tejashni rejalashtirgan.

Qisqartirishlarning asosiy sabablari sifatida ish samaradorligini oshirish, sun’iy intellektdan kengroq foydalanish va Neue Klasse yangi avlod avtomobillari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgandan keyin ayrim dasturchilarga bo‘lgan ehtiyojning kamayishi ko‘rsatilmoqda.

Kiritildi: 21:35 16.10.2026. O'qildi: 334 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!