AQSh Davlat kotibi Marko Rubio juma kuni AQSh Isroilning Eron hududiga bergan zarbalariga aloqador emasligini tasdiqladi va Vashington Isroil tomonidan "o‘zini himoya qilish uchun zarur" bo‘lgan zarbalar haqida xabardor qilinganini aytdi.
Juma kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari Erondagi yadroviy dasturi va harbiy ob’ektlari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘nlab nishonlarga zarba berganini aytdi.
"Bugun tunda Isroil Eronga qarshi bir tomonlama chora ko‘rdi. Biz Eronga zarba berishda ishtirok etmaymiz va bizning eng muhim vazifamiz mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishdir. Isroil bizga bu harakatlar o‘z mudofaasi uchun zarur deb hisoblashlarini aytdi. Prezident Tramp va ma’muriyat kuchlarimizni himoya qilish va mintaqaviy sheriklarimiz bilan yaqin aloqada bo‘lish uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Ochig‘ini aytsam: Eron AQSh manfaatlari yoki xodimlarini nishonga olmasligi kerak", — dedi Rubio o‘z bayonotida.