Bojxona va Soliq qo‘mitalari xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori qo‘lga olingan.
Bojxona xodimi xizmat mavqeyidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaroga 7 kg oltinni Qozog‘istondan chegara bojxona posti orqali deklarasiyada ko‘rsatmay, bojxona nazoratidan yashirgan holda o‘tkazib berishni va’da qilgan. U buning evaziga Chirchiq shahrida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shu’ba bosh inspektori oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ faoliyatini o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2 500 dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Mirobod tumani soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shu’basi inspektori ham tezkor tadbirda ushlangan. U o‘ziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo do‘konida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari to‘g‘risida oldindan xabar berib turish evaziga 10 mln so‘m pul mablag‘ini o‘zining bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.