Bugun 17 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Rubio: G‘arbning Falastinni tan olishi Isroilni javob qaytarishga “majbur qiladi”

Rubio: G‘arbning Falastinni tan olishi Isroilni javob qaytarishga “majbur qiladi”

Falastin davlatining G‘arb davlatlari tomonidan tan olinishi Isroilni “javob berishiga majbur qiladi”. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. U shuningdek, Isroilning Qatarga havo hujumi va G‘arbiy sohilni anneksiya qilish rejalari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Rubioning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Qatarga qilingan hujumdan norozi, ammo bu holat Vashingtonning Tel-Aviv bilan munosabatlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

G‘arbiy sohildagi anneksiya rejalari haqidagi savollarga esa Rubio to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan qochdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va boshqa davlatlarni Falastinni tan olish qadamlarining oqibatlari haqida oldindan ogohlantirishgan.

“Bu harakat birinchi navbatda ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi. Ular o‘z ichki siyosiy voqeligini namoyon qilayapti. Ammo biz bundan javob bo‘lishi haqida ogohlantirganmiz”, — dedi Rubio.

AQSh Davlat kotibining fikricha, Yevropa davlatlari Falastinni tan olishi Gaza sohilida tinchlik kelishuviga erishishni qiyinlashtiradi.

11 sentyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bosib olingan G‘arbiy sohilni bo‘lish va anneksiya qilish, shuningdek, Sharqiy Quddusda noqonuniy aholi punktlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi **“E1 loyihasi”**ni ma’qulladi.


Charli Kirkning o‘ldirilishi

Rubio intervyuda AQShda mashhur faol va bloger Charli Kirkning o‘ldirilishi yuzasidan ham fikr bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur voqeani “bayramlagan” ayrim xorijliklarning vizalari bekor qilinishi mumkin.

“Viza – bu sizning AQShda mehmon ekaningizni bildiradi. Agar kimdir buzg‘unchi xatti-harakatlarni ko‘rsatayotgan bo‘lsa, biz ularni mamlakatimizga taklif qilmaymiz”, — dedi Rubio.

10 sentyabr kuni prezident Trampni qo‘llab-quvvatlashi bilan mashhur bo‘lgan bloger Charli Kirk Yuta vodiysi universitetidagi tadbir paytida otib o‘ldirilgan edi. Qotillikda gumon qilingan Tayler Robinson o‘z qarindoshlari tomonidan huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Kiritildi: 15:08 16.09.2025. O'qildi: 582 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!