G‘arb mamlakatlari Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilganda Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga majbur bo‘ladi.
Buni Er-Riyodda o‘tkazilgan Amerika-Rossiya muzokaralari yakunlari bo‘yicha brifingda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
Rubiodan Rossiyaning tajovuzi tufayli kiritilgan sanksiyalar haqida so‘rashdi. "Bularning barchasi [Ukrainadagi] ushbu mojaroning oqibatidir. Bu mojaro natijasida kiritilgan sanksiyalar mavjud. Shuning uchun aytmoqchimanki, har qanday mojaroni to‘xtatish uchun barcha tomonlar yon berishlari shart," - deya Rubioning so‘zlarini RBK keltiradi.
Rubioning aytishicha, tinchlik kelishuvining yakuniy shartlari barcha tomonlarni qoniqtirishi kerak. Saudiya Arabistonidagi muzokaralar tinchlikka erishish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi, deb ishonch bildirdi AQSh davlat kotibi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi ham o‘z navbatida nizoni hal qilish jarayoniga jalb etilishi lozimligini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush bir necha yildan keyin qayta boshlanmasligi uchun uning «adolatli yakuniga» umid qilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti rahbari.
AQSh Davlat departamenti 18 fevral kuni Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya va AQSh delegasiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan birinchi ommaviy uchrashuv yakunlari bo‘yicha aniq natijalar yo‘qligini ma’lum qildi.