Rossiyada siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotgan emigrantlarning bank hisobraqamlari va mol-mulki muzlatib qo‘yiladi, ishonchnomadan foydalanish taqiqlanadi, ular mashina yoki xonadonni sota olmaydi.
Xorijda ularga konsullik xizmatlarini ko‘rsatish rad etiladi. DW so‘rov o‘tkazgan huquqshunoslar yangi qoidalarni shunday baholadi:
"Aslini olganda, bu qonun loyihasi, keling, ochig‘ini aytaylik, fuqarolikdan mahrum qilish haqidadir. Shaxsda pasporti qoladi, u mamlakat fuqarosi bo‘lib hisoblanadi, ammo ushbu qonun loyihasiga ko‘ra Rossiya fuqarosining hech bir huquqidan foydalana olmaydi", — dedi DW’ga "Perviy otdel" huquqni himoya qilish loyihasi advokati Yevgeniy Smirnov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun "hokimiyatni tanqid qilayotgan, xorijga chiqib ketgan va e’tibor markazida bo‘lishni, oshkoralikni davom ettirayotgan, Rossiya hokimiyati tahdidlaridan qo‘rqmaydiganlarga" zarba beradi.
"U yerga birinchi bo‘lib jurnalistlar, faollar, siyosatchilar, huquqni himoya qiluvchilar, shusiz ham siyosiy moddalar bo‘yicha ta’qib qilinayotganlar tushadi", — deb ta’kidladi advokat.
"Fuqarolik amalda saqlanib qoladi, ammo shaxs hech qanday konsullik yordamini, yashayotgan mamlakatidan hech qanday hujjatlarni ololmaydi. Ya’ni Rossiyada olingan hujjatlarga apostil qo‘yish, sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma buyurtma qilish va boshqa harakatlarni amalga oshirish na Rossiyada ishonchnoma bo‘yicha, na xorijda mumkin bo‘ladi", — dedi DW’ga "Kovcheg" loyihasi asoschisi, huquqshunos Anastasiya Burakova.
U yangi qonunni "juda ko‘p sonli odamlarni huquqlaridan mahrum etadigan juda vahimali hujjat" va ularni qo‘rqitish hamda sukut saqlashga majbur qilish uchun "doimiy qo‘rquv vaziyatiga" soladigan hujjat deb atadi