Rossiyada 2025 yil 5 fevraldan nazorat ostidagi shaxslar reestri ishlamoqda. Unga mamlakatda qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan barcha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiritiladi.
Rossiya prezidentining 1126-sonli farmoniga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdagi chet elliklar 2025 yil 10 sentyabrgacha qonuniy maqomni rasmiylashtirishi yoki mamlakatdan chiqib ketishi talab etiladi. Ushbu sanadan keyin o‘z maqomini qonuniylashtirishning iloji bo‘lmaydi, qoidabuzarlarni esa deportasiya va kirish taqiqi kutmoqda, deya ogohlantirdi Rossiya IIV Migrasiya xizmati.
Rossiyada yashayotgan yoki borishni rejalashtirayotganlarga Rossiya IIV yoki "Davlat xizmatlari" saytlari orqali ushbu reestrda bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish tavsiya etiladi.
Tekshirib ko‘rish uchun quyidagi havolalarni bosing:
gosuslugi.ru/newsearch/reestr-kontroliruemyh-lic
Ushbu qonun kimlarga taalluqli?
Birinchi navbatda – noqonuniy mehnat migrantlariga (shu jumladan, YEOII mamlakatlaridan kelgan). Ular Rossiyada qolish uchun ish beruvchi bilan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzishi (keyinga qoldirilgan ish boshlash sanasi ko‘rsatiligan shartnoma tuzib bo‘lsa ham) va uning nusxasini Ichki ishlar vazirligining hududiy bo‘linmasiga taqdim etishlari kerak.
Qayerga murojaat qilish kerak:
yashash joyi bo‘yicha IIV "Pasport-viza xizmati" davlat korxonasi (FGUP PVS) filialiga.
Moskva shahrida istiqomat qiladiganlar –Saxarovodagi ko‘p tarmoqli migrasiya markaziga.
uzoq masofada yoki murakkab vaziyatlardagilar - IIV migrasiya masalalari bo‘yicha bo‘linmalariga.
Ular biometrik identifikasiyadan hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, soliqlar, jarimalar va davlat bojlari bo‘yicha qarzlarni to‘lashi (agar mavjud bo‘lsa) kerak bo‘ladi.
10 sentyabrgacha ulgurmaganlar Rossiyaga kiritilmaydi, Rossiyada yurganlar deportasiya qilinadi, shuningdek, ularga IIV ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirish, boshqa hududlarga chiqish, ko‘chmas mulk sotib olish, biznes ochish, farzandlarini bolalar bog‘chasi va o‘rta maktabga berish, avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi.