Turkiya Ukraina va Rossiya o‘rtasida Qora dengizdagi xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga oluvchi, potensial otashkesim bilan bog‘liq bo‘lgan birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga mezbonlik qilishi mumkin.
Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilish 16-17 aprel kunlari Anqaradagi Harbiy-dengiz kuchlari bosh qarorgohida xorijiy davlatlar harbiy vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
"15-16 aprel kunlari Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi qarorgohida Rossiya va Ukraina o‘rtasida mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy davlatlarning harbiy vakillari ishtirok etadi va Qora dengizda tinchlikni saqlash bo‘yicha harbiy rejalashtirishning dengiz jihati muhokama qilinadi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Departament tarkibga aniqlik kiritmadi, biroq CNN Türk Turkiya Mudofaa vazirligidagi manbalariga tayanib, uchrashuvda Kiyev va Moskva vakillari ishtirok etishini yozdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad mintaqada barqaror vaziyatni ta’minlash masalalarini muhokama qilishdan iborat. Hozircha na Rossiya, na Ukraina ishtirokini rasman tasdiqlagani yo‘q.
Anqara 2022-yil fevralida boshlangan urushni tugatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishda davom etmoqda. Turkiya muzokaralar uchun vositachi va platforma sifatida bir necha bor o‘z xizmatlarini taklif qilgan. Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari o‘rtasida birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar aynan Turkiyada 2022-yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan edi.
Ushbu tashabbus natijasida Ukraina donini Qora dengiz orqali eksport qilish imkonini beruvchi “don kelishuvi”ga erishildi. Biroq, 2023 yil iyul oyida Rossiya o‘zining qishloq xo‘jaligi eksportchilariga cheklovlar qo‘yganini aytib, kelishuvdan chiqdi.
O‘tgan haftada Antaliya diplomatik forumida Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga adolatli tinchlikka erishishda Turkiya va shaxsan Prezident Erdo‘g‘anning rolini “bebaho” deb atadi. U xavfsizlik va iqtisodiy sohalarda Anqara bilan hamkorlikning muhimligini ta’kidladi, shuningdek, Turkiyaning Qora dengiz don tashabbusi orqali oziq-ovqat barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan hissasini qayd etdi va Turkiya kompaniyalarining mamlakatni qayta qurishda ishtirok etishiga umid bildirdi.