Bu haqda respublika Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imonqulov “Izvestiya” nashriga ma’lum qildi. Xabarda Rossiya Qirg‘izistonga nechta tizim jo‘natganiga aniqlik kiritilmagan.
"Bizda havo hujumidan qo‘shma mudofaa tizimi ishlamoqda. Hozir biz ushbu tizimning elementlarini oldik. S-300 tizimlari allaqachon Qirg‘iziston hududida", — dedi Imonqulov.
S-300 havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv 2021 yilda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Moskvaga tashrifi chog‘ida imzolangan edi. 2023 yil noyabr oyida Qirg‘iziston bilan qo‘shma mintaqaviy havo mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha kelishuv kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, Rossiya birlashgan havo mudofaa tizimi qo‘shinlarining kollektiv xavfsizlik zonasida harakatlarini muvofiqlashtiradi, Qirg‘iziston esa bu harakatlarni boshqaradi. Qirg‘iziston hukumati qo‘shin va texnikani joylashtirish uchun Bishkekdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Rossiyaning Kant harbiy bazasi yonidan 5 gektar maydon ajratdi.