Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi 808-son Qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 9-bandida alimentlarni besh yildan kam bo‘lmagan muddat uchun oldindan to‘lash mumkinligi ko‘rsatilgan.
Qonunchilikdagi mazkur tartib Byuroning Shovot tumani bo‘limi xodimlari tomonidan ham aliment to‘lovchi fuqarolarga muntazam tushuntirib borilmoqda.
Natijada, shovotlik fuqaro ixtiyoriy ravishda farzandi uchun 5 yillik aliment pullarini to‘lab berdi.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining 11.04.2022 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor SH.E.dan undiruvchi M.M. foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Davlat ijrochisining tushuntirish ishlari natijasida qarzdor SH.E. bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 2025 yil aprel oyidan 2030 yil aprel oyiga qadar hisoblangan 114.108.365 so‘m aliment pullarini to‘lab berdi.