Qariyb bir kilometr uzunlikdagi ko‘prik ikki harakatlanish polosasiga ega bo‘lib, bir sutkada 300 tagacha avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga mo‘ljallangan. U Rossiyaning Primorye o‘lkasidagi Xasan hududini Shimoliy Koreyaning Tumangan tumani va Rason maxsus iqtisodiy zonasi bilan bog‘laydi. Yo‘l va boshqa infratuzilma bilan birga yangi transport yo‘nalishining umumiy uzunligi taxminan 5 kilometrni tashkil etadi.
Ko‘prik ochilgunga qadar Rossiya va KXDR o‘rtasidagi yagona doimiy quruqlik aloqasi 1959 yilda qurilgan «Do‘stlik» temiryo‘l ko‘prigi orqali amalga oshirilar edi. Yangi avtomobil yo‘nalishi temiryo‘l va havo qatnovini to‘ldirishi kutilmoqda.
Ko‘prik qurilishi bo‘yicha kelishuv 2024 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning KXDRga tashrifi davomida imzolangan. Qurilish ishlari esa 2025 yil aprel oyida boshlangan.
Yangi ko‘prikka sovet Qizil armiyasi ofiseri va KXDR Mehnat Qahramoni Yakov Novichenko nomi berildi. Rossiya va Shimoliy Koreya rasmiylari uning nomini ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar bilan bog‘lamoqda.
2024 yil iyun oyida Moskva va Pxenyan keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Unda tomonlardan biri tajovuzga uchragan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar ham belgilangan. Keyinchalik ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik harbiy-texnik sohani ham qamrab oldi.
Rossiya va Shimoliy Koreya hukumatlari yangi ko‘prikni, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yuk tashishni oshirish, turizmni rivojlantirish va ikki davlat aholisi o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan infratuzilmaviy loyiha sifatida baholamoqda.
Biroq Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri Ukrainadagi Truth Hounds huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, yangi transport yo‘nalishi harbiy logistika uchun ham qo‘llanishi mumkinligini yozdi. Xususan, bu yo‘l orqali Shimoliy Koreya harbiylari va boshqa resurslarni Rossiyaga olib o‘tish, shuningdek, Rossiyadan KXDRga texnologiya va uskunalar yetkazib berish imkoniyati haqida so‘z bormoqda.
Ukrainadagi urush davom etayotgan, KXDRga nisbatan sanksiyalar saqlanib qolayotgan va Moskva hamda Pxenyan o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik kengayib borayotgan bir sharoitda yangi avtomobil ko‘prigi ikki davlat o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik infratuzilmasining yana bir muhim elementiga aylanishi mumkin.