Rossiya Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Rodion Miroshnikning aytishicha, Rossiya uzoq muddat davom etadigan harbiy harakatlarga tayyor bo‘lishi kerak, chunki uning fikricha, yaqin istiqbolda Ukrainaga qarshi urushni yakunlash imkoni yo‘q.
TASS agentligiga bergan intervyusida Miroshnik G‘arb davlatlari mojaroni davom ettirishga qaror qilgani va tinch yo‘l bilan kelishuvga erishish imkoniyatlarini rad etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqotga urinishlar Yevropa davlatlarining har qanday kelishuv imkoniyatlarini barbod qilishga intilishiga duch kelmoqda.
«Bu tendensiyani yaqin vaqt ichida o‘zgartirish qiyin. Yevropa Ukrainani moliyalashtirishda davom etadi. Shuning uchun bizning tomonda ham puxta o‘ylangan strategiya bilan uzoq muddatli harbiy harakatlarga tayyorgarlik bo‘lishi kerak», — dedi Miroshnik.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva 2024 yil iyun oyida Vladimir Putin tomonidan belgilangan maqsadlarga erishilmaguncha harbiy harakatlarni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan edi. O‘shanda Putin Ukraina qo‘shinlarini Donbass, Zaporojye va Xerson viloyatlaridan olib chiqish, ushbu hududlar hamda Qrimni Rossiyaniki sifatida tan olish, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi, shuningdek, mamlakatni «demilitarizasiya» va «denasifikasiya» qilish talablarini ilgari surgan.
Joriy yil iyul oyida Putin 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan federal byudjetni tayyorlashda harbiy xarajatlar ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishini aytgan. Shu bilan birga, u G‘arb davlatlarini «rusofobiya mashinasi»ni ishga tushirishda ayblab, Rossiya har qanday dushmanona harakatlarga «qat’iy javob berishga» tayyorligini bildirgan.
Ayni paytda Rossiyada yangi safarbarlik ehtimoli ham muhokama qilinmoqda. The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berishicha, shartnoma asosida xizmatga kiruvchilar soni kamaygani sababli Kreml Davlat Dumasi saylovlaridan keyin yangi safarbarlik e’lon qilishi mumkin. Bunday ehtimol haqida Institute for the Study of War (ISW) ham xabar bergan.