Rossiya NATOga Kaliningrad viloyatini Rossiya hududidan uzib qo‘yishga urinish oqibatida yadroviy qurol qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Financial Times xabar berishicha, Moskva Belgiya, Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi elchixonalar orqali NATOga norasmiy maktub yo‘llagan. Unda Kaliningrad blokada qilingan taqdirda Rossiya «yadroviy qurolni ham o‘z ichiga olgan barcha mavjud kuch va vositalar»dan foydalanishi aytilgan.
NATO vakili Ellison Xart Kremlning yadroviy ritorikasini «mas’uliyatsiz» deb atab, alyans mudofaa ittifoqi ekanini ta’kidladi. U NATO o‘z hududining har bir qarichini himoya qilish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Yevropadagi «issiqqonlarni» Rossiyaning yadroviy doktrinasi bilan tanishtirish tabiiy ekanini aytdi.
Bu bayonotlar Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda yangradi.