Unda Rossiya NATOni «xavfli va mas’uliyatsiz» harakatlarda ayblab, agar Kaliningrad viloyatini Rossiyaning asosiy hududidan uzib qo‘yishga urinish bo‘lsa, yadroviy quroldan foydalanish bilan tahdid qilgan.
Rossiya hukumati shu tariqa NATO Boltiq dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar orqali Kaliningradni blokada qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi pozisiyasini takrorlagan. Maktubda bunday holat yuz bersa, Rossiya «o‘zi tasarrufidagi barcha kuch va vositalardan, jumladan yadroviy quroldan» foydalanishi aytilgan. Moskva, shuningdek, alyans mamlakatlaridagi «qaror qabul qilish markazlari»ga zarba berishga tayyorligini bildirgan.
NATO vakili Ellison Xart Kremlning **«mas’uliyatsiz yadroviy ritorikasi»**ni tanqid qildi. U NATO mudofaa ittifoqi ekanini va Rossiya hududiga tahdid qilmasligini ta’kidladi. Xart Ukrainaga yordam berish davom etishini va NATO o‘z hududining «har bir qarichini» himoya qilish uchun zarur vositalarga ega ekanini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov keyinroq Rossiyaning yadroviy doktrinasiga ishora qilib, Yevropadagi «issiqqonlarni Rossiyaning asosiy hujjatlari haqida eslatish» mutlaqo tabiiy ekanini aytdi.
Yadroviy tahdid Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar tobora keskinlashayotgan bir paytda yangradi. Yaqinda Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken Yevropani «qorong‘i qish» kutayotganidan ogohlantirib, Rossiya tomonidan gibrid hujumlar — diversiyalar, kiberhujumlar va dezinformasiya kampaniyalari ko‘payishi mumkinligini aytgan. Boshqa Yevropa amaldorlari va harbiylari ham shunga o‘xshash xavotirlarni bildirgan.