Eron Qo‘shma Shtatlarga yuborgan Fors ko‘rfazidagi sulhni qayta tiklash bo‘yicha so‘nggi taklifiga Vashingtondan javob olganini ma’lum qildi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQShning javobini Eron hukumatiga yetkazgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yilning 27 sentyabr kuni Eronning taklifini rad etganini aytgandi. Biroq Aroqchi Tehron Vashingtondan rasmiy rad javobini olmaganini bildirgan.
Eron o‘tgan hafta AQSh bilan sulhni tiklash bo‘yicha taklif ilgari surgan. Unga ko‘ra, Vashington Eron portlariga o‘rnatilgan blokadani bekor qilishi, Tehron esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida qayta ochishi kerak.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda Qatar vositachilik qilmoqda. O‘tgan hafta qatarlik vositachilar Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSh va Eron vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazgan. Qayd etilishicha, bu sulh barbod bo‘lganidan beri ikki davlat o‘rtasidagi ilk bilvosita muzokaralar bo‘lgan.
Muzokaralardan xabardor rasmiyga ko‘ra, tomonlar kelishuv uchun zarur bo‘lgan qadamlarning aksariyati bo‘yicha bir fikrda. Biroq ularni qaysi tartibda amalga oshirish masalasida kelishmovchilik saqlanib qolmoqda.