Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan Flydubai samolyotida yuz bergan favqulodda hodisada jarohatlangan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchar ekani ma’lum bo‘ldi.
Isroil rasmiylari keltirgan ma’lumotga ko‘ra, parvoz vaqtida ikkinchi uchuvchi Machcharga pichoq bilan hujum qilgan va samolyot boshqaruvini egallashga uringan. Hodisaning aniq sabablari hozircha tergov qilinmoqda, Flydubai esa voqea motivlari yuzasidan shoshilinch xulosa chiqarmaslikka chaqirgan.
Og‘ir jarohat olganiga qaramay, Machchar kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari kabinaga kirib, ikkinchi uchuvchini zararsizlantirgan. Samolyot bortida bo‘lgan yana ikki nafar Flydubai uchuvchisi boshqaruvni qo‘lga olib, laynerni Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga xavfsiz qo‘ndirgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’lumotiga ko‘ra, bortda jami 174 kishi bo‘lgan. Ularning katta qismini Isroil fuqarolari tashkil etgan. Favqulodda vaziyat paytida Isroil ehtimoliy samolyot olib qochish holatidan xavotirlanib, harbiy samolyotlarni ham havoga ko‘targan.
Machchar hozir Tabukdagi shifoxonada davolanmoqda. Hindistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi uning ahvoli barqaror ekanini ma’lum qildi. U Flydubai’ga qo‘shilishidan avval 11 yildan ortiq vaqt SpiceJet aviakompaniyasida ishlagan.
Netanyahu hindistonlik kapitanning harakatlarini alohida e’tirof etib, uning jasorati odamlar hayotini saqlab qolishga yordam berganini bildirdi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham Machcharni jasorati uchun olqishladi.
Hodisadan keyin Flydubai Isroilga va Isroildan amalga oshiriladigan reyslarini tergov davrida vaqtincha to‘xtatdi. Isroil tomoni esa mamlakatga parvoz qiladigan xorijiy aviakompaniyalar uchuvchilarini tekshirish choralarini kuchaytirishini ma’lum qildi.