Bu haqda Litva prezidenti Gitanas Nauseda X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi. U Rossiyaning harakatlarini qattiq qoraladi.
"Bu xalqaro huquq va Litvaning hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzishdir", – dedi Nauseda.
Litva Tashqi ishlar vazirligi “mas’uliyatsiz va xavfli xatti-harakatlar” yuzasidan norozilik bildirish uchun Rossiya elchixonasi vakillarini chaqirtirishini ma’lum qildi.
Delfi nashrining Litva armiyasiga tayanib xabar berishicha, kecha Rossiyaning ikkita samolyoti Kaliningrad viloyatidan Litva havo hududiga kirib keldi, bunga javoban NATO’ning Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi. Chegaraning buzilishi 23 oktyabr kuni soat 18:00 da Kibartay shahri yaqinida qayd etilgan. Ehtimol, havoda yoqilg‘i quyish mashqlari paytida Rossiyaning Su-30 va Il-78 samolyotlari Litva hududiga 700 metr ichkariga kirib, 18 soniyadan so‘ng uni tark etgan.
"Hozirda NATO samolyotlari chegara buzilgan hududda patrullik qilmoqda. Ishonch bilan aytishim mumkinki vaziyat nazoratimiz ostida", – deb yozdi Litva bosh vaziri Inga Ruginene Facebook’da.