Rossiya sudi Alphabet kompaniyasiga qarashli Google'ga YouTube'da rus askarlariga taslim bo‘lish usullarini o‘rgatuvchi videolarni joylashtirganlik uchun 3,8 million rubl (41 530 dollar) miqdorida jarima soldi. Bu haqda dushanba kuni Rossiyaning TASS axborot agentligi xabar berdi.
Rossiya bir necha yillardan buyon xorijiy texnologiya platformalariga noqonuniy deb hisoblaydigan kontentni, jumladan Ukrainadagi urush haqidagi "soxta" deb atayotgan ma’lumotlarni olib tashlashni buyurib kelmoqda. Ushbu buyruqlarga rioya qilinmagan taqdirda, kichik, ammo muntazam jarimalar qo‘llamoqda.
Tanqidchilar Rossiya hukumatini prezident Vladimir Putin va uning hukumatiga nisbatan tanqidiy bo‘lgan kontentni rossiyaliklar tomonidan ko‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida YouTube'ning yuklab olish tezligini ataylab pasaytirishda ayblashmoqda.
Rossiya bu ayblovlarni rad etib, muammolar Google'ning o‘z uskunalarini yangilamaganligidan kelib chiqqanini ta’kidlamoqda. Biroq, kompaniya va texnologiya mutaxassislari bu fikrga qo‘shilmayapti.
Putin dekabr oyida Google'ni AQSh hukumati siyosiy maqsadlarga erishish uchun foydalanayotgan qurol sifatida ayblov bilan tilga oldi.