"Ruslar buning uchun judayam zaif, ular hatto Ukrainani yengolmayapti. Shuning uchun ular NATO'ga haqiqiy hujum uyushtirolmaydi", — deya ta’kidladi Viktor Orban Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u "na yevropaliklar, na ukrainaliklar rossiyaliklar bilan kelisha oladi", deb hisoblashini aytdi.
"Shuning uchun, Rossiya va AQSh o‘rtasida kelishuv kerak. Bu kelishuv doirasida Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATO'ga a’zo bo‘lishidan voz kechiladi. Chunki bu urushning kengayishiga olib kelishi mumkin", — deya fikr bildirdi Vengriya hukumati rahbari.
Orban Rossiya faqat kuch tilini tushunadi, deb hisoblashini, shu sababli Yevropa ham kuchli bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u Rossiya bilan strategik kelishuv zarurligini va Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevroittifoqqa salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini hamda uni zaiflashtirayotganini ta’kidladi.
Jurnalistning "Xalqaro jinoiy sud order chiqargan Binyamin Netanyahuni qabul qilganingiz kabi Putinni ham qabul qilasizmi?" degan savoliga Orban "Agar Putin Vengriyaga kelsa, u munosib ravishda kutib olinadi", deya javob berdi.
Bundan tashqari, u Vengriya aholisi Ukraina uchun qurbon bo‘lishni istamasligini, ushbu mamlakatning yangi Afg‘onistonga aylanishini xohlamasligini va siyosatchilardan qo‘shni mamlakatdagi vaziyat ustidan nazoratni harbiylardan olib qo‘yishni talab qilayotganini qo‘shimcha qildi.