Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Rodion Miroshnik Yevropa davlatlarining Ukraina mojarosini hal etishga doir takliflari ko‘pincha ultimatumlarga o‘xshashini va tinchlik o‘rnatishga xizmat qilmayotganini bildirdi. Bu haqda «Tasnim» agentligi «Izvestiya» nashriga tayanib xabar berdi.
Miroshnikning ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari orasida Ukraina bo‘yicha yagona pozisiya mavjud emas. Uning fikricha, aksariyat Yevropa davlatlarining harakatlari mojaroni hal qilishdan ko‘ra, Ukrainani moliyalashtirish va harbiy to‘qnashuvlarning davom etishiga qaratilgan.
«Agar ular qandaydir bayonot yoki taklif bilan chiqqan bo‘lsa, bular ko‘proq ultimatumlarga o‘xshaydi. Ularni mojaroni hal qilish mexanizmi yoki tinch yechim topish istagining dalili sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — dedi diplomat.
«Valday» xalqaro munozara klubi eksperti Andrey Kortunov ham Yevropaning hozirgi yondashuvi muzokaralarni sekinlashtirayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Yevropa davlatlari konstruktiv takliflar bilan chiqishi va pozisiyasini yumshatishi kerak. Shu bilan birga, ekspert kelajakda Yevropa davlatlarining ishtirokisiz yangi xavfsizlik tizimini shakllantirish imkonsizligini qayd etdi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham Yevropa bilan muloqot zarurligini bildirgan. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi mojaroni davom ettirish tarafdori bo‘lib qolayotgani sababli, Moskva va Vashington qabul qiladigan qarorlarni Yevropa davlatlari bilan muvofiqlashtirish masalasi murakkablashmoqda.
Avvalroq, 21 oktyabr kuni «Politiko» nashri Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish uchun maxsus vakil tanlashni ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan edi. Ehtimoliy nomzodlar qatorida Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas tilga olingan. Ayrim diplomatlar Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb nomzodini ham ma’qul ko‘rmoqda.
Shu tariqa, Yevropa davlatlarining Ukraina bo‘yicha muzokaralardagi o‘rni masalasi Moskva va Bryussel o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklardan biri bo‘lib qolmoqda.