Bugun 7 avgust, 2026 yil, juma

КИР

Rossiya Yevro-2 standartidagi benzindan yana foydalanishga ruxsat berdi

Rossiya Yevro-2 standartidagi benzindan yana foydalanishga ruxsat berdi

Mamlakatda 2027 yil 1 iyulgacha Yevro-2, Yevro-3 va Yevro-4 standartlariga mos benzinni ishlab chiqarish, import qilish va sotishga ruxsat berildi. Hukumat bu qarorni ichki bozorda yoqilg‘i tanqisligi xavfi bilan izohladi.

Rossiya hukumati 2027 yil 1 iyulga qadar K2, K3 va K4 ekologik sinflariga mansub, ya’ni Yevro-2, Yevro-3 va Yevro-4 standartlariga javob beruvchi avtomobil benzinini ishlab chiqarish, import qilish hamda sotishga ruxsat berdi. Yevro-2 standartidagi benzin mamlakatda o‘n yildan ortiq vaqt avval taqiqlangan edi.

Rossiya Energetika vazirligi ushbu qarorni yoqilg‘i tanqisligining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik inqirozga qarshi chora sifatida izohladi. Vazirlikka ko‘ra, bu ichki bozorni barqaror ta’minlash hamda benzin sifatiga qo‘yiladigan talablar bilan uning ommabopligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash imkonini beradi.

❕ Amaldagi Yevro-5 standarti bilan solishtirganda, Yevro-2 benzini tarkibida oltingugurt miqdori 50 barobar ko‘p bo‘lib, dunyoning aksariyat mamlakatlarida yuqori zaharliligi sabab taqiqlangan komponentlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Mutaxassislar bunday yoqilg‘i zamonaviy avtomobillar dvigatellari hamda chiqindi gazlarni tozalash tizimlarining tezroq eskirishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Iyul oyi boshida Rossiya hukumati ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga Yevro-3 standartidagi benzin ishlab chiqarishga ham vaqtincha ruxsat bergan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash infratuzilmasiga bergan zarbalari ortidan Rossiyadagi qator zavodlar faoliyati to‘xtagan yoki qisman quvvat bilan ishlamoqda, bu esa ichki yoqilg‘i bozoriga bosimni kuchaytirgan.

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida Ukraina harbiylari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qariyb 50 marta hujum uyushtirgan va kamida 34 ta yirik zavoddan 24 tasiga zarar yetkazgan. Shu sharoitda iyun oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi so‘nggi 21 yildagi eng past darajaga tushdi, benzin va dizel yoqilg‘isi taqchil mahsulotga aylandi, narxlar esa o‘sishda davom etdi.

Kiritildi: 20:46 06.08.2026. O'qildi: 725 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!