Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistonga ikki kunlik tashrif bilan safar qiladi. Tashrif davomida u respublika rahbariyati bilan uchrashadi va Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
“16-17 iyun kunlari Rossiya Federasiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin Toshkentga amaliy tashrif bilan tashrif buyuradi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbariyati bilan muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy, investisiya, ilmiy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Energetika, sanoat, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Mishustin Toshkent xalqaro investisiya forumida ham ishtirok etadi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi 16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda