31 yanvar kuni kechqurun Rossiya hujumlari Odessa tarixiy markaziga zarar yetkazdi. Jumladan, 1899 yilda qurilgan «Bristol» mehmonxonasi ham jiddiy shikastlandi. Odessa viloyati gubernatori Oleg Kiperning so‘zlariga ko‘ra, yetti kishi jarohat olgan.
Kiper va Odessa meri Gennadiy Truxanov vayron bo‘lgan binolarning suratlarini e’lon qildi. Ularda «Bristol» mehmonxonasining hashamatli vestibyuli va boshqa qismlari og‘ir shikastlangan holda aks etgan.
«Bu yerda betonni teshib o‘tishga qodir raketa ishlatilgan. Demak, ushbu raketa fuqarolik mehmonxonasiga ataylab yo‘naltirilgan bo‘lib, u binoning qavatlarini va ichki tuzilishini buzish uchun mo‘ljallangan,» — dedi Kiper davlat telekanaliga bergan intervyusida.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon g‘arb jurnalistlari ko‘p to‘xtaydigan mehmonxonalar bir necha bor nishonga olingan. 2023 yil oxirida Xarkovdagi «Xarkov Palas» mehmonxonasi ham bombardimon qilingan edi. Bu mehmonxona xalqaro jurnalistlar va gumanitar tashkilotlar orasida mashhur bo‘lib, o‘sha hujum natijasida ZDF (Germaniyaning davlat telekanali) jamoasi jabrlangan: ukrainalik tarjimon uchta umurtqasi va qovurg‘asini sindirib olgan, qo‘riqchi esa jarohatlangan.