Ukraina delegasiyasi rahbari Umerov Rossiya 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsagina tinchlik o‘rnatilishi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda Umerov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya va Ukraina delegasiyalarining uchrashuvi arafasida yozgan.
“Rossiya aniq harakatlarga, jumladan kamida 30 kun davomida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini ko‘rsatsagina tinchlik o‘rnatish mumkin”, — deb yozdi mudofaa vaziri Yevropa va AQSh vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng. Shuningdek, u Ukraina tomonining shartlariga harbiy asirlarni “hamma uchun” formulasi asosida almashishini ham aytdi.
Shu bilan birga, Rossiya avvalroq 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini qo‘ygandi – G‘arbning Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainada safarbarlikni to‘xtatish.
Ayni vaqtda Rossiya delegasiyasi rahbari Medinskiy AQSh vakillari bilan muzokaralarni yakunladi, deb xabar bermoqda Reuters. Endi u Ukraina bilan muzokaralarga qo‘shilishi kerak.