Madridning «Real» jamoasi vingeri Rodrigo Goes klub hujumchilari Vinisius Junior va Kilian Mbappe bilan bir jamoada o‘ynashi uning karyerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti, deb hisoblaydi. Bu haqda Abc.es xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, braziliyalik futbolchi o‘zini Vinisius va Mbappega nisbatan ko‘proq tanqid qilinayotganini adolatsiz deb hisoblaydi, garchi u ularga nisbatan ko‘proq universal futbolchi bo‘lsa ham. Rodrigo, shuningdek, uning samaradorligi boshqa hujumchilarnikiga qaraganda ko‘proq muhokama qilinayotganidan norozi, holbuki, ularning o‘zi ham juda yorqin mavsum o‘tkazishmagan.
Ma’lum qilinishicha, 24 yoshli vingerga Angliya premyer-ligasining uchta klubi qiziqish bildirgan. Avvalroq OAVda Xabi Alonso «Real» bosh murabbiyligiga tayinlanishi kutilyotgani va u Rodrigoni rejalariga kiritmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Joriy mavsumda Rodrigo barcha musobaqalarda 50 ta o‘yinda qatnashib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 100 million yevroga teng.