Italiya poytaxti Rimda Falastinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uyushtirilgan namoyish chog‘ida polisiya ishtirokchilarni tarqatish uchun tayoq va suv purkagichlardan foydalandi.
Kechqurun Pyassa Verdi maydonida to‘plangan namoyishchilar Isroilning G‘azoga yo‘llayotgan hujumlariga qarshi chiqishdi va falastinliklarga hamdardlik izhor etdilar. Ular “G‘azodagi genosidni to‘xtating!”, “Sionizm — tinchlikka tahdid!”, “Isroil elchisini Italiyadan chiqaring!” kabi shiorlar yozilgan bannerlarni ko‘tarishdi.
Namoyishchilar qo‘llarida Falastin bayroqlarini ko‘tarib, “Falastinga ozodlik!”, “Hammamiz sionizmga qarshi!”, “Daryodan dengizgacha — Falastin ozod bo‘ladi!”, “Isroil — sionist, terrorchi davlat!” kabi da’vatlar bilan chiqish qilishdi. Ular olov yoqib, she’riy va siyosiy chiqishlar ham amalga oshirishgan.
Marsh ishtirokchilari Rim kinofestivali tomon yo‘l olgan va Isroil elchixonasi yaqinidan o‘tishga uringanida, polisiya harakatga kirishgan.
Huquq-tartibot idoralari marsh uchun ruxsat berilmaganini ma’lum qilib, tinch namoyishchilarni tarqatish maqsadida avval dubinkalar, so‘ngra suv purkagichlardan foydalangan.
Polisiyaning bu harakatlari Falastin tarafdorlari orasida norozilik uyg‘otdi va ayrim fuqarolik tashkilotlari polisiyaning qo‘pol munosabatini qoraladi.