“Ujb” so‘zi lug‘atda “kekkayish”, “takabburlik” va “faxrlanish” ma’nolarini anglatadi. Ulamolar insonda vujudga keladigan ujb sifatini turlicha ta’riflashgan.
Rog‘ib Asfahoniy: Ujb – inson o‘zini o‘zi haqli bo‘lmagan darajaga haqliman deb o‘ylashidir, degan.
G‘azzoliy rahmatullohu alayh: Ujb – ne’matni haqiqiy ne’mat beruvchiga nisbat berishni unitib, uni o‘zida katta sanab unga suyanib qolishdir, degan.
Ibn Abdussalom: Inson o‘ziga berilgan ne’mat yoki yaxshi amalni Allohdan ekanini unitishi va bularni o‘z nafsidan deb xursand bo‘lishi ujbdir, degan.
Alloh taolo mutloq suymaydigan kibr ham ayni mana shu ujb, ya’ni o‘zidan-o‘zi faxrlanish ortidan yuzaga keladi. Shu sababdan ham Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarda ujbni yomonlab zikr qilgan. Alloh taolo Hunayn g‘azoti kunida musulmonlarning mag‘lubiyatga ujb sabab bo‘lganini eslatib shunday deydi:
“...Hunayn kunida (son jihatdan) ko‘pligingiz sizlarni mag‘rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi” ("Tabva" surasi, 25 oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik, ergashiladigan havoi-nafs va kishi o‘z nafsi bilan faxrlanishi” – dedilar (Bazzor rivoyati).
Boshqa bir o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ujbni katta gunohlardan biri ekanini aytib shunday deganlar: “Agar sizlar biror gunoh qilmaydigan bo‘lganlaringizda, men sizlarga bundanda kattarog‘idan qo‘rqqan bo‘lar edim. U ujbdir” (Bazzor Anasa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Halokat ikkita narsada: Ujb va Allohning rahmatidan umidni uzishda”, degan. Ma’lumki, baxt-saodatga talab qilish bilan erishiladi. Umidni uzgan odam talab qilmaydi. O‘zidan o‘zi faxrlangan odam maqsadga erishib bo‘ldim deb o‘ylaydi va harakat qilmaydi. Shuning uchun ham ibn Mas’ud roziyallohu anhu bu ikki sifatni halokat sababchilari sifatida aytgan.
Ali roziyallohu anhu: “O‘zidan o‘zi faxrlanish to‘g‘rilikni ziddi va aqllarning ofatidir”, deb bejiz aytmagan.
Sheroziy rahmatullohu alayh aytadi: “Bilginki, ujb eng yomon sifatdir. U fazilatlarni tortib olib, pastkashlik keltiradi. Nafratni keltirib chiqarib, yaxshiliklarni yo‘q qiladi. Yomonliklarni oshkor qilib, halokatga olib boradi”.
Ulamolar ujbni sakkizta qismi mavjud ekanini aytishib, bularning oldini olish yo‘llarini ham ta’kidlab o‘tishgan.
Birinchisi, inson o‘zining xilqatining go‘zalligiga qarab faxrlanadi. Buni Allohning ne’mati ekanini va bir lahzada yo‘q bo‘lib qolishini unutadi. Buning oldini olish uchun birinchi nimadan yaratilganu, oqibatda yana nimaga qaytishini mulohaza qilsin.
Ikkinchisi, o‘ziga berilgan kuch-quvvat bo‘lib, unga shukr keltirishni unutib, ushbu kuch-quvvatni ato etgan zotga suyanishni tark qilib qo‘yadi. Buning oldini olish uchun haqiqiy kuch-quvvat egasi Alloh ekanini e’tirof etib shukr keltirsin. O‘zidagi kuch-quvvat tortib olinib, eng zaif bandaga aylanib qolishini unutmasin.
Uchinchisi, aql bo‘lib, uni chiroyli sanab bunday aql faqat menda bor deb o‘ylab qoladi. Buning oldini olish uchun, avvalo Allohga qayta-qayta shukr keltirsin. Bu ne’mat boshqalarga berilmagandek, o‘zidan ham olib qo‘yilishi mumkin ekanini o‘ylab ko‘rsin. Aql sababli qanchalab ilmga ega bo‘lmasin, baribir oz ekanini unitmasin.
To‘rtinchisi, ulug‘ nasabga ega bo‘lish bo‘lib, u bilan faxrlanishi va shu sababli men ko‘plab odamlardan afzalman deb qolishi. Buning oldini olish uchun, nasab biror savob keltirmasligi yoki biror azobni daf qilmasligini bilsin. Alloh huzurida eng hurmatli inson taqvodor insondir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima va ammalari Sofiya roziyallohu anhumolarga “Men sizlarga Allohdan biror narsani behojat qila olmasman” deganlar. Buning oldini olish uchun, nasab bilan faxrlanish bu boshqaning kamoli bilan o‘zini aziz tutish ekanini bilsin. So‘ng yana, yaqin (tirik) otasi nutfadan paydo bo‘lganini va uzoq (vafot etgan) bobosi tuproqqa aylanib bo‘lganini ham bilib qo‘ysin.
Beshinchisi, zolim hukmdorlarga o‘zini nisbatini berib, ular bilan faxrlanishi. G‘azzoliy rahmatullohu alayh aytadi: Bu nihoyatda nodonlik bo‘lib, buning oldini olish uchun, zolimlar Allohning huzurida xorlanib g‘azabga duchor bo‘lishlarini o‘ylab ko‘rsin.
Oltinchisi, farzandlari, qarindoshlari va o‘ziga tobe’ kishilarning ko‘pligiga ishonib, Allohga suyanishni va Unga tavakkul qilishni unutib qo‘yishi. Buning oldini olish uchun, haqiqiy ko‘mak beruvchi zot Alloh ekanini aniq bilsin. Albatta, ularning ko‘pligi o‘lim vaqtida biror foyda bermasligini tushunsin.
Ettinchisi, mol-dunyoning ko‘pligi bo‘lib, unga suyanib qolishi. Alloh taolo buning misolini ikki bog‘ egasini xabarini berish bilan keltirgan: “Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: “Mening boyligim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq” - dedi” (Kahf surasi, 34-oyat). Buning oldini olish uchun, mol-dunyoni fitna ekanini va uning ofatga uchraydigan sabablari bir qanchaligini bilsin.
Sakkizinchisi, xato fikrga ega bo‘lib qolib, buni ne’mat deb o‘ylab qolishi. Aslida esa, bu azobdir. Alloh taolo bu haqda shunday degan:
“Axir, (qilgan) yomon ishi o‘ziga chiroyli ko‘rsatilib, uni go‘zal (ish) deb o‘ylagan kimsa (hidoyat topgan zot kabi bo‘larmidi)?!” (Fotir surasi, 8-oyat). Buning oldini olish boshqalaridan qattiqroq bo‘ladi. Chunki xato fikr egasi, o‘zining xatosi sababli nodondir. Buning oldini olish uchun, o‘zining fikriga suyanib aldanib qolmasligi kerak. O‘zining fikrini Qur’on yoki hadis yoki sog‘lom aqliy dalil quvvatlasa shunda fikriga qarab ish qilsin.
Shuni ham alohida ta’kidlab aytish kerakki, ko‘pincha insonda ujbning paydo bo‘lishiga atrofdagi maddohlarning maqtovlari va olqishlari ham sabab bo‘ladi. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir kishi boshqa bir kishini maqtadi. Shunda Payg‘ambarimiz: Holingga voy bo‘lsin, birodaringni bo‘ynini sindirding, deb bir necha marotaba takrorladilar. So‘ng: Sizlardan biringiz boshqani chorasiz maqtashga to‘g‘ri kelib qolsa “Men uni shunday deb o‘ylayman. Allohning O‘zi kifoyadir. Men Allohga hech kimni poklamayman” – desin", dedilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: Maqtash so‘yishdir, degan.
Shu sababdan oqil inson atrofidagi maddohlarning olqishlariga emas, balki qalbi sof do‘stlarning maslahatlariga quloq solishi lozim. Zero mana shunday do‘stlargina yaxshilik va ayblarga ko‘zgu bo‘ladilar. Inson o‘zicha yaxshi deb o‘ylab e’tiborsiz qoldirgan yomonliklaridan ogoh etadilar.
Anas ibn Molik rozyaiyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Agar unda biror aybni ko‘rsa, tuzatadi” – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Umar roziyallohu anhu: Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan insonni Alloh rahm qilsin, der edi.
Movardiy rahmatullohu alayh aytadi: “Kibr va ujb insondagi fazilatlarni tortib olib, razil-yomon sifatlarni keltiradi. Kibr va ujb egasi nasihatchining nasihatiga va odob beruvchining ta’limiga quloq solmay qo‘yadi. Chunki kibr inson biror darajaga erishganda va ujb esa inson biror fazilatga ega bo‘lganda yuzaga kelib qoladi. Shunda mutakabbir o‘zini ta’lim beruvchining martabasidan yuqori qo‘yadi. Ujb egasi esa o‘z fazlini odob beruvchinikidan ortiq sanaydi”.
Shunday ekan, ujb insonga ko‘plab zararlar keltiradi. Ujbning oqibati kibrga olib borishining o‘zi uning oftiga kifoya qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, shaytonning Allohga osiy bo‘lishiga kibri sabab bo‘lgani barchamizga ma’lum. Imom G‘azzoliy rahmatullohu alayh ujbning zararli oqibatlaridan ogohlantirib aytadi: Ujb gunohlarni unutib ularga beparvo bo‘lib qolishga sabab bo‘ladi. Ujb sohibi qilayotgan ibodatlarini va amallarini katta sanab faxrlanib qoladi. Ushbu ibodatlarni qilayotganidan Allohga minnat qilishgacha boradi. O‘z ibodatlaridan ujbga tushgani sari buning yomon oqibatlarini ham unutib boradi. Kim amallarini yomon oqibat bilan yakun topishiga e’tibor qilmasa qilayotgan harakatlari zoye bo‘lib qolaveradi. Ujb egasi o‘z nafsi va fikri bilan aldanib qolib, Allohning makri va azobidan xotirjam bo‘lib qoladi. U o‘z nafsini maqtab biror ayb va kamchiliklardan xoli deb biladi. Natijada boshqalar bilan maslahatlashish yoki biror bilmagan narsasini so‘rashni o‘ziga or bilib, o‘z fikri bilan kifoyalanib qoladi. Eng yomoni o‘zining xato fikrini to‘g‘ri deb bilib, o‘zidan shunday fikr chiqqanidan xursand bo‘lib o‘sha fikrida qat’iy turib olishidir. Goho bu narsa uni halokatiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa uning bu xato fikri din ishlariga tegishli fikr bo‘lsa. Shuning uchun ham ujb halokatga olib boruvchi illatlardan biri sifatida sanalgan. Ujb egasining men maqsadga erishib bo‘ldim deb amal qilishdan to‘xtab qolishi, ujbning eng katta oftlaridan biridir. Bu esa shubhasiz ochiq oydin halokatdan boshqa narsa emas.
Darhaqiqat, bugungi kunimizda ozgina ilm o‘qib yoki eshitib, lekin uqimay o‘zini “olim”man deb yurgan yoshlarimiz borligi xech kimga sir emas. Ular o‘zlaridagi ana shu ozgina ilm bilan kifoyalanib va shundan xursand bo‘lib hamda bo‘ldi maqsadga erishdim deb, yurishlariga nafslariga o‘rnashib qolgan ujb sababdir ehtimol. O‘zlarini qo‘llariga kitob olib bir qator o‘qishga sabrlari yetmasdan turib, o‘nlab mujalladli kitoblar yozgan mujtahid ulamolarga til tekkizishlari achinarli holatdir. Ilm va salohiyati yetmagan holda oyat va hadislarning zohiriy ma’nolaridan o‘zlarining xato fikrlariga asoslanib hukm olmoqchi bo‘ladilar. Mustahkam ilm va asosli dalilga suyanmasdan turib oyat va hadislardan to‘g‘ridan to‘g‘ri hukm olib bo‘lmaydi, degan ulamolarning nasihatiga quloq solishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Natijada o‘zlarini ham boshqalarni ham adshishiga sabab bo‘lib qoladilar.
Ushbu xatolarni tuzatish uchun ilm o‘qiylik, nafsimizni zikr, tilovati Qur’on, salovatlar ila sayqallab ujb va kibr kabi illatlardan soflaylik. Mujtahid ulamolar va ularning mo‘’tabar asarlarini hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yaylik. Eng muhimi, “Kim men olimman desa, u johildir” degan nasihatni unutmaylik!
Manba: azon.uz