Albaniyaning Tirana shahri Islom birdamligi sport assosiasiyasi (ISSA)ning 13-Bosh assambleyasiga mezbonlik qilmoqda.
Jahon sporting eng nufuzli sport tashkilotlaridan biri hisoblangan ISSAning yig‘ilishida Xalqaro Kurash assosiasiyasi Prezidenti Haydar Farmon ham ishtirok etdi.
Ushbu assambleya davomida u ISSA Prezidenti shahzoda Abdulaziz Bin Turki Al-Faysal va Bosh kotib janob Nosir Majali bilan muzokaralar olib bordi.
Muzokaralarda ISSA Prezidenti Kurash islomiy qadriyatlarga mos eng oliyjanob sport turi ekanligini e’tirof etdi. Kurash Islom Birdamlik o‘yinlarining bir qismiga aylanganligini mamnuniyat bilan e’lon qildi.
2025 yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom birdamlik o‘yinlarida Kurash bo‘yicha rasmiy bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv davomida Islom xalqlari o‘rtasida kurashni yanada rivojlantirish, ta’lim va targ‘ibot yo‘nalishlarida bir qator vazifalarni bajarish kabi majburiyatlar kelishib olindi.
Ushbu jarayonning bir qismi sifatida tez orada IKA texnik direktori ISSA Texnik departamenti bilan hamkorlikda musobaqa uchun vazn toifalari va boshqa texnik tafsilotlarni yakunlash bo‘yicha uchrashuvlar belgilandi.
2025 yilgi Islom birdamlik o‘yinlari Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan o‘tkaziladi va bu qaror butun dunyo kurash jamoatchiligi uchun katta yutuqdir.