Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid yo‘nalishidagi jahon chempionati yakuniga yetdi.
Bugun uchinchi kun doirasida so‘nggi 4 ta tur o‘yinlari o‘tkazildi. Ikkinchi kundan so‘ng 6-o‘rinni egallab turgan Nodirbek Abdusattorov bugun 4 ta o‘yinning 3 tasida durang o‘ynab, bittasida yutqazib qo‘ydi. Natijada vatandoshimiz 8,5 ochko bilan 23-o‘rinni band etdi. Buning uchun u 3000 yevro mukofot puliga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonliklar orasida eng yaxshi natijani Javohir Sindarov qayd etdi. U bugun 2,5 ochko to‘pladi. Uning jami ochkolari 9 tani tashkil etdi va u 7-pog‘onani egallab, 16 ming yevro mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
Muhiddin Madaminov va Nodirbek Yoqubboyev 7,5 ochko bilan mos avishda 65 va 72-o‘rinlarni egallashdi. Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov va Humoyun Begmurotov musobaqada 7,0 ochko to‘plab, top yuzlikka kirishdi.
Erkaklar musobaqasida Magnus Karlsen 10,5 ochko bilan chempionlikni hamda 70 ming yevroni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Vladislav Artemiyev (Rossiya)ga nasib etgan bo‘lsa, hindistonlik Arjun Erigaisi bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ular 50 ming va 36 ming yevro mukofot pulini ega bo‘lishdi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqada Aleksandra Goryachkina (Rossiya) va Ju Jiner (Xitoy) 8,5 ochko to‘plagani bois, ular o‘rtasida g‘olibni aniqlash maqsadida tay-brek bahsi o‘ynaldi. Unda rossiyalik sportchi bir g‘alaba va bir durang qayd etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa hindistonlik Xumpi Kaoneruga nasib etdi.
O‘zbek qizlari orasida eng yaxshi natija Afruza Hamdamovaga tegishli bo‘ldi. U 7 ochko bilan 22-pog‘onani egalladi. Gulruhbegim Tohirjonova 6,5 ochko bilan 31-o‘rinni, Umida Omonova esa 6,0 ochko bilan 60-pog‘onani band etdi.
Ertaga shaxmatning blis yo‘nalishida JCh bahslari boshlanadi.