Bugun 25 fevral, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ramazon oyida ehson pullarini o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi​​​​​​​

Ramazon oyida ehson pullarini o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi​​​​​​​

Xayriya videolarini montaj qilib, bemor bolalar nomidan yig‘ilgan mablag‘larni o‘zlashtirib kelgan shaxs aniqlandi.

Qayd etilishicha, muborak Ramazon oyida aholining saxovat va ehson qilishga bo‘lgan intilishi ortib borayotgan bir paytda ayrim shaxslar ushbu ezgu tuyg‘ularni suiiste’mol qilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan monitoring va fuqarolar murojaatlari asosida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida navbatdagi kiberjinoyat aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruvlar davomida Buxoro viloyatida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida bemor bolalar nomidan joylashtirilgan ehson videolarini yuklab olib, ularni qayta ishlab, montaj qilgani ma’lum bo‘ldi. U asl videolardagi bank karta raqamlarini o‘zgartirib, o‘rniga onasiga tegishli bank kartasi ma’lumotlarini joylashtirgan. Natijada fuqarolar tomonidan yuborilgan xayriya mablag‘lari ushbu kartaga tushib kelgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 2022 yil oktyabr oyidan to fosh etilguniga qadar qariyb 2000 ta tranzaksiya orqali jami 161 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan va uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

“Instagram sahifasida o‘tirgan vaqtim, ehson videolari chiqib keldi. Tayyor videoni olib, montaj qilib, onamning kartasini qo‘ydim. Pul tushgandan keyin, uni o‘z ehtiyojlarim uchun ishlatdim. Qilgan ishimdan juda ham afsusdaman”, — deya izoh bergan gumonlanuvchi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: Bugun 15:45. O'qildi: 574 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!