Yaqinda «Barselona» sport direktori Deku Rafinya bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuv borligini aytgan edi. Biroq braziliyalik vinger hali ham kataloniyaliklar bilan yangi shartnoma imzolamadi.
El Nacional nashrining yozishicha, «Barselona» Rafinya bilan kelishuvni uzaytirish oson kechadi, deb o‘ylagan bo‘lsa, xato qilgan.
Manbaga ko‘ra, to‘rtta klub 29 yoshli futbolchiga «Barselona»dan ancha yuqori maosh taklif qilishga tayyor. Ular — «Manchester Yunayted», «Arsenal», «Chelsi» va «Al-Hilol».
Ushbu klublar Rafinyani qo‘lga kiritish imkoniyati paydo bo‘lsa, transferni amalga oshirish uchun faol harakat qilishga tayyor.
Shunga qaramay, Rafinyaning o‘zi «Barselona»da qolishni istamoqda. Jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik ham braziliyalik futbolchi ertami-kechmi yangi shartnoma imzolashiga ishonmoqda.
Joan Laporta va Deku bu masalani yaqin bir oy ichida hal qilishni rejalashtirgan.