Payshanba kuni Ukraina parlamenti “Rossiya agressiyasi sharoitida Ukrainada demokratiyani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi rezolyusiyani qabul qila olmadi. Prezident Vladimir Zelenskiyning vakolatlarini harbiy holat tugaguniga qadar uzaytirishni ko‘zda tutuvchi hujjatni atigi 218 deputat qo‘llab-quvvatladi, 226 ovoz kerak.
Rada ma’lumotlariga ko‘ra, hozir bo‘lgan 272 deputatdan 54 nafari ovoz berishda betaraf qolgan. Deputat Yaroslav Jeleznyakning so‘zlariga ko‘ra, rezolyusiya harbiy holat sharoitida hokimiyatning institusional uzluksizligi tamoyiliga rioya qilishni nazarda tutgan.
Hujjat matnida ta’kidlanganidek: “Harbiy holat davrida saylovlar tashkil etilgan va o‘tkazilgan taqdirda saylov qonunchiligining barcha milliy va xalqaro tamoyillariga rioya etilmaydi, bu esa bunday saylovlarni 2024-yil mart oyida Rossiya Federasiyasida Vladimir Putinning qayta tayinlanishi kabi farsga aylantiradi”.
Rezolyusiyada, shuningdek, Ukrainada yangi saylovlar mamlakatda “har tomonlama, adolatli va barqaror tinchlik” ta’minlangandan keyingina o‘tkazilishi kerakligi aytilgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, rezolyusiyaning qabul qilinmasligi AQSh prezidenti Donald Trampning yaqinda Zelenskiyning 4 foizlik ma’qullash reytingiga ega ekanligini aytgan tanqidlari fonida yuz berdi. Bunga javoban Ukraina prezidenti: “Agar kimdir meni hozir o‘rnimga qo‘ymoqchi bo‘lsa, hozir bu ishlamaydi”, deb ta’kidladi va bunday raqamlar Rossiya manbalariga asoslanganligini qo‘shimcha qildi.
Radada norozilik kuchayib borayotgani fonida bu prezidentga qo‘shimcha bosim yaratmoqda – fevral oyi boshida sessiya ochilishiga bor-yo‘g‘i 226 deputat kelgan, bu tarixdagi eng past ko‘rsatkich edi.
Avvalroq Ukraina prezidenti agar bu qadam mamlakatga xavfsizlik kafolatlarini olish yoki NATOga a’zo bo‘lishga yordam bersa, iste’foga chiqishi mumkinligini tan olgandi. 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vladimir Zelenskiy hokimiyatni uzoq yillar ushlab turish niyatida emasligini ta’kidladi. “Men o‘nlab yillar davomida hokimiyatda qolish niyatim yo‘q”, dedi u va mamlakatda harbiy holat bekor qilingandan keyin saylovlar o‘tkazilishini aytdi.