Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining 2023 yil 10 fevral kungi ijro varaqasiga asosan qarzdor Ye.A ismli fuqarodan undiruvchi K.P ismli shaxs foydasiga qaramog‘idagi bir nafar farzandi ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining ¼ qismi miqdorida aliment pullarini undirish ko‘rsatilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor aliment pullarini to‘lamasdan kelganligi va chet davlatda yurganligi sababli 2023 yil 06 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 42-moddasiga asosan qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Qarzdor Ye.A ismli shaxs joriy yilning 26 iyun kuni topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudiga o‘tkazilgan.
Qarzdor Ye.A.ning 28 oy davr uchun 44.836.760 sum qarzdorligi mavjud bo‘lib, joriy yilning 30 iyun kuni o‘tkazilgan sud jarayonida Qarzdor Ye.A yuzaga kelgan 44.836.760 sum qarzdorlikni naqd pul ko‘rinishida undiruvchi K.P foydasiga to‘lab bergan.