Bugun 1 may, 2026 yil, juma

КИР

Qozog‘istonning taniqli madaniyat arbobi Axmet Jubanov tavalludining yubileyi Olmaotada xalqaro miqyosda nishonlandi

Qozog‘istonning taniqli madaniyat arbobi Axmet Jubanov tavalludining yubileyi Olmaotada xalqaro miqyosda nishonlandi

29 aprel kuni Olmaota shahridagi “Auezov uyi” ilmiy-madaniy markazida “Axmet Jubanov va zamonaviy musiqa ilmi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir atoqli bastakor, dirijyor, musiqa san’ati sohasidagi birinchi akademik, Qozog‘iston SSR Fanlar akademiyasi asoschilaridan biri bo‘lgan Axmet Jubanov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbir M.O. Auezov nomidagi Adabiyot va san’at instituti tomonidan Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi, Madaniyat va axborot vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy fanlar akademiyasi hamda T. Jurgenov nomidagi Qozog‘iston milliy san’at akademiyasi ko‘magida tashkil etildi.

Konferensiyada ilmiy va madaniy doiralar vakillari keng ishtirok etdi. Rasmiy ochilish marosimida Qozog‘iston davlat arboblarining tabrik maktublari o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Fan va oliy ta’lim vaziri Sayasat Nurbek hamda Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Aqilbek Kurishbayev nutq so‘zladi.

Faxriy mehmon sifatida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raymqulova chiqish qilib, bastakor merosi nafaqat qozoq xalqi, balki butun turkiy dunyo uchun umumiy ma’naviy boylik ekanini ta’kidladi. U taniqli qozoq bastakori G‘aziza Jubanova shogirdi bo‘lganini faxr bilan tilga olib, bu ustoz-shogird an’anasi uning ijodiy yo‘lida muhim o‘rin tutganini qayd etdi. Shuningdek, Axmet Jubanov professional qozoq musiqasining asoslarini yaratgan, turkiy xalqlarning madaniy uzviyligini chuqur anglagan va bu merosni kelajak avlodlarga yetkazgan buyuk shaxs ekanini alohida ta’kidladi.

Ochilish marosimida, shuningdek, M.O. Auezov nomidagi institut bosh direktori Kenjexan Matyajanov, Kurmang‘azi nomidagi qozoq xalq cholg‘u asboblari orkestri direktori Medet Quanishev, Kurmang‘azi nomidagi qozoq milliy konservatoriyasi rektori Gauhar Tasbergenova hamda T. Jurgenov nomidagi san’at akademiyasi rektori Arman Judebayev ham tabrik so‘zlari bilan chiqish qildi.

Plenar sessiya davomida Axmet Jubanovning ilmiy va bastakorlik faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi hamda uning merosiga oid yangi nashrlar taqdim etildi.

Tadbir “O‘sken O‘ner” nomli maxsus konsert dasturi bilan davom etdi. Unda “Abay” operasidan ariyalar va bastakorning boshqa klassik asarlari ijro etildi.

Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Rossiyadan kelgan mutaxassislar ishtiroki Jubanov merosining zamonaviy san’atshunoslikdagi ahamiyatini keng geografik doirada muhokama qilish imkonini berdi.

Kiritildi: Bugun 19:37. O'qildi: 165 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!