Qozog‘istonlik hujumchi Aldiyor Nurgali Ispaniyaning "Levante" klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Bu haqda ASnews.kz xabar berdi.
Ostonalik futbolchi "3+2" sxemasi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Agar ikki yillik opsiya faollashsa, klub futbolchini asosiy jamoaga o‘tkazishni kafolatlaydi. Agar "Levante" hamkorlikni uzaytirmaslikka qaror qilsa, futbolchi klubni erkin agent maqomida tark etish huquqiga ega bo‘ladi.
17 yoshli hujumchi 2026 yilning bahoriga qadar "Levante" U-19 yoshlar jamoasida to‘p tepadi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston o‘smirlar terma jamoasi hujumchisiga Ispaniyaning boshqa klublari - "Valensiya" va "Vilyarreal" ham qiziqish bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda "Elche"ga qarshi kechgan bahsda Aldiyor Nurgali dubl qayd etib, jamoasiga 2:1 hisobida g‘alaba keltirgan edi.