Qirg‘izistonda 2026 yil 1 apreldan pedagog va tibbiyot xodimlarining ish haqi 100 foizga oshiriladi. Bu haqda Xalq qurultoyida davlat rahbari Sadir Japarov ma’lum qildi, deb yozmoqda 24.kg.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchi va shifokorga hurmat kuchli davlatning asosi sanaladi.
«O‘qituvchi millat kelajagini shakllantiradi, shifokor inson salomatligi va hayotini himoya qiladi. Biroq bugungi kunda ularga nisbatan qo‘pol munosabat, hurmatsizlik, ba’zan zo‘ravonlik holatlariga ko‘p duch kelmoqdamiz. Bu o‘taketgan madaniyatsizlikdir. Biz bu ikki muqaddas kasbga o‘z qadr-qimmatini, jamiyatdagi yuksak mavqeini qaytarib berishimiz shart», — dedi prezident.
«Davlat idoralari, fuqarolik jamiyati, har bir oila — barchamiz o‘qituvchi va shifokorning obro‘sini mustahkamlashga majburmiz. Farzandlarimizni o‘qitayotgan, bizni davolayotgan insonlarning hurmatini joyiga qo‘ymas ekanmiz, chinakam madaniyatli, rivojlangan davlat bo‘la olmaymiz», — deb qo‘shimcha qildi Japarov.
Uning qayd etishicha, Vazirlar mahkamasi raisi Adilbek Kasimaliyev o‘sish kamida 50 foiz bo‘lishini aytgan, biroq muhokamalar va hukumatning moliyaviy imkoniyatlarini qayta baholashdan so‘ng ish haqini o‘rtacha 100 foizga oshirishga qaror qilingan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda pedagoglarning o‘rtacha maoshi 26 ming som (297 dollar yoki salkam 3,6 mln so‘m)ni tashkil etadi. 1 apreldan boshlab bu miqdor ikki karra oshadi — 52 ming som atrofida bo‘ladi.
O‘qituvchilarning ish haqi miqdori ta’lim darajasi, pedagogik staji, malaka toifasi, hududiy joylashuvi, o‘qitayotgan fani va haftalik o‘quv yuklamasiga qarab belgilanadi, dedi davlat rahbari.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shifokorlarning o‘rtacha ish haqi 31 ming 500 som (4,3 mln so‘m)ni tashkil etadi, 1 apreldan esa 62 ming 500 somga yetadi, soliq va boshqa yig‘imlardan so‘ng ularning qo‘llariga tegadigan pul 50 ming som atrofida bo‘ladi.
«Ushbu qadam ularning jamiyat rivoji va davlat hayotidagi rolini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini e’tirof etish va yuqori baholashdir», — dedi Japarov.