Qozog‘iston sudi rossiyalik reper Navayi Bakirovni sudga qadar ikki oy muddatga hibsda saqlash haqida qaror chiqardi. Unga nisbatan giyohvand moddalar kontrabandasi va ularni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq jinoiy ish yuzasidan tergov olib borilmoqda.
«Tengrinyus» nashri Jambil viloyati polisiya departamenti ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Navayi 13 oktyabr kuni Qirg‘izistondan Qozog‘istonga o‘tish vaqtida Korday chegara nazorat-o‘tkazish punktida qo‘lga olingan. U harakatlangan avtomobilni tekshirish jarayonida giyohvand moddalar topilib, musodara qilingan. Shundan so‘ng xonanda vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Reperning 14 oktyabr kuni Ostonada o‘tkazilishi rejalashtirilgan chiqishi bekor qilingan yoki noma’lum muddatga qoldirilgan. Tashkilotchilar buni texnik sabablar bilan izohlagan.
Hodisadan so‘ng Qirg‘iziston Chegara xizmati Navayining «Aq-Jol» nazorat-o‘tkazish punktidan qanday tartibda o‘tganini aniqlash uchun xizmat tekshiruvini boshladi. Qoidabuzarliklar aniqlansa, mas’ul xodimlar javobgarlikka tortilishi mumkin.
Navayi nomi bilan tanilgan Navayi Bakirov — ozarbayjon kelib chiqishiga ega rossiyalik reper va xonanda. U «Hammali va Navayi» dueti orqali keng tanilgan.
Tergov davom etayotgani sababli unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha sudning yakuniy xulosasi hali ma’lum emas.