Qozog‘iston Majilisi deputatlari Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi 2006 yilgi bitimga kiritilgan o‘zgartishlarni ratifikasiya qildi.
Qozog‘iston transport vaziri Nurlan Suranbayevning ma’lum qilishicha, mazkur o‘zgartishlar to‘g‘risidagi protokol 2024 yil 8 avgust kuni Ostona shahrida imzolangan.
Unga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlari ikki tomonlama maqomdan ko‘p tomonlama maqomga o‘tkaziladi. Shuningdek, ularning ish vaqti kunduzgi tartibdan kecha-kunduz, ya’ni 24 soatlik ish rejimiga o‘zgartiriladi.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu choralar chegara o‘tkazuvchanligini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish hamda turizm sohasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zgartishlar ikki mamlakat o‘rtasidagi transport va tranzit aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Nurlan Suranbayevning qayd etishicha, mazkur qarorlarni amalga oshirish uchun davlat byudjeti hisobidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish talab etilmaydi.