Qozog‘istonning amaldagi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatning 2030 yilgacha bo‘lgan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritib, sobiq prezident Nursultan Nazarbayev bilan bog‘liq qaydlarni chiqarib tashladi.
Hujjatning avvalgi tahriridagi tashqi siyosat tamoyillari qatorida “Birinchi prezident — Elboshi N.A. Nazarbayevning tashqi siyosiy yo‘lining davomiyligi” mustahkamlab qo‘yilgandi. Endilikda ushbu jumla “mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida tashqi siyosiy kursning davomiyligi” degan tahrirga almashtirildi.
Shuningdek, hujjatdan Nazarbayevga tashqi siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha xalqqa, davlat organlari va mansabdor shaxslarga tashabbuslar bilan murojaat qilish imkonini beruvchi umrbod huquq ham olib tashlandi. Ilgari bu huquq uning “tarixiy missiyasi” hamda “Birinchi prezident — Elboshi to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘langandi.
Bundan tashqari, yangilangan konsepsiyada “fuqaro” atamasi “Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi”ga almashtirildi, “Mustaqillik” va “Suverenitet” so‘zlari esa endi katta harf bilan yoziladi.
Hujjatda parlament nomi qurultoyga o‘zgartirildi. Bu davlat tuzilishining yangi tizimiga mos keladi, unga ko‘ra, avvalgi ikki palatali parlament o‘rniga mamlakatda endi bir palatali parlament faoliyat yuritadi, deya qayd etadi nashr.
1 iyuldan Qozog‘istonda yangi Konstitusiya kuchga kirdi. Unga kiritilgan tuzatishlar mart oyidagi referendumda ma’qullangandi — ularni 87,15 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda ishtirok 73,12 foizni tashkil etgan.
Asosiy o‘zgarishlardan biri ikki palatali parlamentdan bir palatali — qurultoyga o‘tish bo‘ldi. Uning tarkibiga 145 nafar deputat kiradi va ular partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylanadi. Parlament saylovlari 2026 yilning avgustiga rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatda davlat maslahatchisi lavozimi o‘rniga vise-prezident lavozimi qaytarilgan.
Kiritildi: 13:45 20.08.2026.
O'qildi: 1116 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.