Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Qozog‘istonda 31 dekabrgacha mol go‘shtini eksport qilish bo‘yicha kvota joriy etildi. Cheklovlar yangi, sovutilgan va muzlatilgan qoramol go‘shtiga taalluqli.
Kvotaning umumiy hajmi 13 ming tonnani tashkil etadi. Ushbu qoidalar go‘shtni YEOII (Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi) mamlakatlariga ham, uchinchi mamlakatlarga ham eksport qilishga taalluqli.
Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi kvotalar joriy etilishi va go‘sht eksporti ustidan nazorat o‘rnatilishini ichki bozorda go‘sht taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mol go‘shti narxini barqarorlashtirish uchun zarur chora ekanini bildirdi.
Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparovning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar mayda qassobxonalarga qo‘shni davlatlarga chorva mollarini qayta sotish imkonini bermaydi. Ilgari kompaniyalar hayvonlarni sotib olib, bo‘rdoqiga boqmasdan, shu jumladan O‘zbekistonga ham olib ketgan. Bu bozorni buzgan va mamlakat ichida mol go‘shti narxining oshishiga olib kelgan.